“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning ayrim moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilmoqda.
Maqsad daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishdir. Xususan, MJtKning 79-moddasiga kiritilayotgan oʻzgarishlarga koʻra, daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (ayni damda 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (ayni damda 10 baravaridan 15 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli boʻlgan ashyo yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (ayni damda 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish (ayni damda BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima) jazosi qoʻllaniladi.
Qolaversa, 79-moddaga 4-qism ham qoʻshilmoqda. Unga koʻra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi 543–I-sonli Qonuniga 49-moddasiga ikkita qism qo‘shilmoqda.
49(1)-moddaga ko‘ra, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan huquqbuzarlar har bir daraxt va buta oʻrniga oʻsha joyda qimmatbaholigi jihatidan kam boʻlmagan 100 tup daraxt va buta koʻchatini ekishi belgilanmoqda. Bu Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi organlarining qaroriga koʻra amalga oshiriladi va huquqbuzar daraxtlarni oʻz hisobidan ekib, 3 yil davomida parvarish qiladi. Agar ushbu joyda daraxt va buta koʻchatlarini ekish uchun yer maydoni yetarli boʻlmasa, daraxt va buta koʻchatlarining qolgan qismi tegishli maʼmuriy-hududiy birlikdagi boshqa joyga ekiladi.
Gʻayriqonuniy kesilgan yoki yoʻq qilingan daraxtlar va butalarning qiymati, ularning oʻrniga ekiladigan koʻchatlarning turlari, shuningdek, ekish muddatlari va joyini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
49(2)-moddasiga ko‘ra esa davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy kesgan, yoʻq qilgan yuridik shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Daraxt va butalarni qonunga xilof ravishda kesish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilinib, Senatga yuborildi.