Andijon viloyati: Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari tadbirkorlar bilan uchrashdi
28.
04. 2020
17:57
5521
Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari I. Boqijonovning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Tashrif asnosida u viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida viloyatdagi sanitar tozalash sohasida faoliyat yuritayotgan xususiy tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Xonobod shahrida sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatuvchi «Xonobod inter trans» MChJ, Andijon shahrida muqaddam faoliyat olib borgan «Andijon tezkor tozalik» MChJ, Paxtaobod tumanidagi «Tozalikda baraka» hamda «Madamin Said-Kamron» xususiy korxonalari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda korxonalar faoliyatidagi mavjud muammolar keng muhokama qilindi. Ular yuzasidan fikrlar almashildi.

Uchrashuv davomida chiqindi tashuvchi maxsus texnikalarni davlat xususiy sheriklik asosida biriktirish, Qo‘rg‘ontepa tumani Sultonobod qishlog‘i hududida joylashgan 7 ta MFYlarda yashovchi aholiga to‘liq xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya hamda Rossiya davlatlarida ishlab chiqarilgan chiqindi tashishga mo‘ljallangan zamonaviy maxsus transport vositalarini viloyatga olib kelishda bojxona imtiyozlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, muloqot davrida tadbirkorlar tomonidan sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar faoliyatini rivojlantirish maqsadida bank muassasalaridan imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy ko‘mak berilishi masalasi ham o‘rtaga tashlandi.

Uchrashuv so‘ngida I. Boqijonov muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini berdi. U Qo‘mita baholi qudrat tadbirkorlarga amaliy ko‘mak berishini va ularni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar