16–18-mart kunlari Navroʻz umumxalq bayrami arafasida mamlakatimizning barcha hududlarida anʼanaviy tarzda xayriya hashari oʻtkazilmoqda. Hashar tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Ekologiya vazirligi tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar, ko‘ngillilar ishtirok etdi.
“Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki” shiori ostida oʻtayotgan ushbu tadbir davomida yurtimizda daraxt ko‘chatlari o‘tqazishning bahorgi mavsumiga start berildi. Xususan, Boʻstonliq tumanida 3 gektardan ortiq maydonga qariyb ikki mingga yaqin eman, qayragʻoch, terak, oʻrik, bodom singari mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
Bundan tashqari, Toshkent botanika bog‘i, 100-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati va boshqa hududlarda ham daraxt ekish va obodonlashtirish ishlari hamda plogging tadbirlari olib borildi. Jumladan, maktab-internatda 300 dan ortiq mevali daraxtlar va 1000 ga yaqin manzarali gullar o‘tqazildi.
Umumxalq xayriya hasharida barcha hududlar faol ishtirok etdi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 80 ming, Samarqand viloyatida 600 ming, Farg‘ona viloyatida 550 ming, Sirdaryo viloyatida 200 ming, Jizzax viloyatida 700 ming, Andijon viloyatida 120 ming, Buxoro viloyatida esa 600 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida tashlandiq hududda “Yashil bogʻ” barpo etilib, 1000 tupdan ziyod pavloniya, katalpa, yapon saforasi kabi manzarali daraxt koʻchatlari, 4000 tup gul ekildi.
Bundan tashqari, barcha hududlardagi mahalla, ziyoratgoh, xiyobon, qabristonlar chiqindilardan tozalanmoqda.
Ma’lumot uchun, umumxalq hashari tadbirlari davom ettirilmoqda. Maqsad mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, bolalar maydonchalari va boshqa joylarni obodonlashtirish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdir.