Farg‘ona viloyati: Chiqindilarni qayta ishlash — katta foyda keltiradi
14.
05. 2020
09:48
7061
News

Farg‘onada bu borada yirik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, dastlabki ishlar boshlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xom ashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi bo‘yicha chiqindining 85 foizini qayta ishlash mumkin.

Bizda-chi? Hali bu borada o‘z yechimini kutayotgan muammolar talaygina bo‘lib, chiqindilar atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy xavf solyapti. Bunday sharoitda uni qayta ishlash va utilizatsiyasi dolzarb bo‘lib bormoqda.

— So‘nggi yillarda respublikamizda yiliga ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarining hosil bo‘lish miqdori 100 million tonnani tashkil etadi, — deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Jo‘raev. — Uning 35 million tonnasi maishiy chiqindilar bo‘lib, ular shahar va qishloq chiqindixonalarida joylashtirilmoqda. O‘z navbatida o‘rtacha har bir milllion maishiy chiqindi bilan 360 ming tonna oziq-ovqat chiqindilari, 160 ming tonna qog‘oz va karton, 55 ming tonnaga yaqin tekstil, 45 ming tonnaga yaqin plastmassa va boshqa qimmatli komponentlar yo‘qotiladi. Keyingi yillarda mazkur masalada bir qator qaror va me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, sanitariya va ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, maishiy chiqindilarni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatimizda ham chiqindini qayta ishlash borasida bir qator loyihalar ishlab chiqilgan.

Texnik asosnomaga ko‘ra, viloyatdagi yig‘ilgan barcha turdagi (xavfli chiqindilardan tashqari) chiqindilardan ikkilamchi xom ashyo turlarini ajratib olish va saralash, saralab olingan ikkilamchi xom ashyolarni sotish ko‘zda tutilgan.

«Qirguli kommunal servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda Farg‘ona shahridagi 18 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 60 ming 121 nafar aholining, shu bilan birga 400 dan ortiq yuridik tashkilotlarning maishiy chiqindilarini yig‘ishtirib, Satkak hududidagi «Farg‘ona markaziy chiqindixonasi»ga tashib bormoqda. Jamiyat bu poligondagi maishiy chiqindilarni qayta ishlab, ikkilamchi xom ashyolarni sotishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadda Belorussiyaning «Sifaniya-Ekotexnika» korxonasi bilan chiqindilarni saralash liniyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

«Qirguli kommunal servis» MChJ Belorussiya Respublikasi tomonidan ChPTUP «Sifaniya-Ekotexnika» va Turkiya tomonidan «SEMAK Teknokoji Makine Ekipmanlar San.Ticaret A.S» kompaniyalari bilan hamkorlikda 2021-2025 yillarda Farg‘ona viloyatida yillik 73 ming tonna chiqindilarni yig‘ish va saralash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun jami 5 million AQSh dollari qiymatidagi qo‘shimcha loyiha ishlab chiqilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun «Clean and technology group» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. Loyihani amalga oshirish 5 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda uskunalarni sotib olish (500 ming AQSh dollar), ikkinchi bosqichda maxsus transport vositalarni sotib olish (1500 ming AQSh dollari), uchinchi bosqichda saralab olinadigan ikkilamchi xom ashyolarni qayta ishlash uskunalarini sotib olish (1500 ming AQSh dollari), to‘rtinchi va beshinchi bosqichlarda chiqindilardan muqobil energiya resurslarini olish stantsiyalarini barpo qilish (1500 ming AQSh dollari). Loyihani amalga oshirishda Farg‘ona tumani «Satkak» MFY hududidagi «Farg‘ona markaziy chiqindixonasi»da shahar va tumanlardan yig‘ilgan barcha turdagi (xavfli chiqindilardan tashqari) chiqindilar qayta ishlanadi.

— Maishiy chiqindilardan ikkilamchi xom ashyo turlarini ajratib olish va saralash liniyasini sotib olish uzoq muddatli bank krediti hisobiga amalga oshiriladi, — deydi «Qirguli kommunal servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Doniyorjon Abdullaev. — Mazkur loyiha doirasida qo‘shimcha 110 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Moliyaviy reja hisob-kitoblariga tayangan holda, xulosa qilib aytish mumkinki, maishiy chiqindilardan ikkilamchi xom ashyo turlarini ajratib olish va saralash liniyasi xaridi korxona uchun juda samarali hisoblanib, uning moliyaviy qudratini yuksalishiga olib keladi. Korxona 5 yillik loyiha davri davomida kredit bo‘yicha barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borish bilan bir qatorda mazkur faoliyatning rentabelligi darajasi o‘rtacha loyiha boshida 19,2% dan loyiha so‘ngida 31,5% ni tashkil etishi korxonaning barqaror foyda oqimiga ega bo‘lishini ko‘rsatadi.

Joriy yil 10 iyun sanasidan boshlab, loyihaning birinchi bosqichi doirasida korxonaga yangi zamonaviy ishlab chiqarish dastgohlarining keltirilishi rejalashtirilgan.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources