Noqonuniy daraxt kesilish masalalariga bag’ishlangan brifing
08.
07. 2019
20:01
6382
News

2019 yilning 8 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda OAV vakillari uchun mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga bag’ishlangan brifing tashkil etdilar.

Biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni ta’minlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirish, tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi sur’atlarini pasaytirish, hayvonlar va o’simliklarning kamyob va yo’qolib borayotgan turlarini qayta tiklash, bioxilma-xillikni saqlab qolish sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi 484-sonli qarori bilan 2019-2028 yillar davrida O’zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi tasdiqlandi.

– muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining 12 foiziga etkazish;
– Orol dengizining qurigan tubida o’rmonzorlashtirish ishlarini olib borish va uning maydonini 1,2 million gektarga etkazish;
– zamonaviy geoaxborot texnologiyalari (GIS-texnologiyalar) asosida bioxilma-xillikning davlat monitoringi va davlat kadastri yagona axborot ma’lumotlar bazasini yaratish;
– bioxilma-xillikni saqlab qolish masalalarini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga integratsiyalash bayon etilgan  Strategiyaning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Tadbirda, shuningdek, mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishini oldini olish sohasida olib borilayotgan masalalarga to’xtalib o’tildi.

Qayd etildiki, respublikada o’simlik dunyosi ob’ektlari 11 ming turdan, hayvonot dunyosi – 15.600 turdan ortiq. Shulardan 324 tur o’simlik va 184 tur hayvonot dunyosi ob’ektlari O’zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.

O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida o’tkazilgan davlat ekologik nazorati natijalariga ko’ra respublika miqyosida jami – 2.524 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan, 513,4 mln. so’m jarima belgilangan, 2.093 ta holat bo’yicha 412,5 mln. so’m jarima undirilgan.

O’simlik dunyosiga etkazilgan zarar – 1.571 ta da’vo bo’yicha 2 mlrd 243 mln. so’mni tashkil etib, shundan 1.232 ta ma’muriy ish yuzasidan 961,9 mln. so’m undirib olingan.

Jarima va zararni undirish hamda tegishli chora qo’llash maqsadida «O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni talablarini buzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan 189 ta ma’muriy hamda jinoiy ish hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga (sud, prokuratura, MIB, IIB) yuborildi.

Tadbirda, bugungi kunda Toshkent shahrida daraxtlarninng noqonuniy kesilishi bo’yicha fuqarolarning murojaatlari tobora ortib borayotganligi qayd etildi.

O’zbekiston Respublikasi «O’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida»gi Qonunining 37-moddasiga asosan davlat o’rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat:

– sanitariya maqsadlarida kesish;
– binolarni, inshootlarni va kommunikatsiyalarni qurish hamda rekonstruktsiya qilish bilan bog’liq holda yo’l qo’yiladi.

Tabiiy omillar yoki o’simliklar zararkunandalari, kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek insonning hayoti va sog’lig’i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlar va butalarni kesish mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatnomasi asosida haq to’lamasdan  amalga oshirilishi qayd etilgan.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi 255-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat o’rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamenti»ning talabiga muvofiq respublika bo’yicha jami o’rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesishga kelib tushgan arizalar soni 3.030 tashkil etadi. Shundan 1.825 murojaatga daraxtlarni kesish uchun ijobiy xulosa berilgan hamda 1.205 murojaatga  salbiy xulosa, ya’ni arizasiga rad javobi berilgan. Shu jumladan Toshkent shahri bo’yicha jami kelib tushgan arizalar soni 1.139 ni tashkil etadi. Shundan 556 murojjatga daraxtlarni kesish uchun ijobiy xulosa berilgan hamda 583 murojaatga salbiy xulosa, ya’ni arizasiga rad javobi berilgan.

 


 

Useful resources