Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar to‘g‘risidagi Stokgolm konventsiyasi yuzasidan brifing
18.
06. 2019
18:28
8670
News

Respublikaning samarali va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining muhim asosi sifatida aholi salomatligi uchun maqbul sharoitlarni yaratish va ekologik muvozanatni saqlashni takomillashtirishga yo‘naltirilgan chuqur islohotlar olib borilmoqda.

Atrof-muhitning joriy holati va uning istiqbollari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanib, mamlakat Rahbarining doimiy e’tiboridadir.

Shu munosabat bilan “Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiyasini (Stokgolm, 2001 yil 22 may) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi (№ O‘RQ-535, 08.05.2019 yil) davlatning  kelajak avlod uchun atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, uni borligicha saqlashga qaratayotgan mas’uliyatli munosabatining yaqqol dalilidir.

Malumot uchun: Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqida»gi konventsiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konventsiya ishtirokchisi hisoblanadi.
Etakchi davlatlardan AQSh, Italiya va Isroil konventsiyani imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. MDH davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston ushbu konventsiyaga qo‘shilmagan.

Konventsiya majburiy xarakterga ega bo‘lib, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofaza qilish maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini to‘xtatishga hamda insoniyat organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi to‘ldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki taqiqlashga yo‘naltirilgan.

Xususan, Tomonlar tarkibida turg‘un organik ifloslantiruchilar mavjud bo‘lgan zahira va chiqindilar bilan bog‘liq bo‘lgan tashlamalarni qisqartirish yoki likvidlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni o‘zlariga qabul qiladilar.

6-moddaga muvofiq Konventsiya Tomonlari turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni ekologik xavfsiz usullarda qayta ishlash, yig‘ish, transportirovka qilish va saqlashni, shuningdek, ularni yo‘q qilishni esa batamom tugatish yoki qayta shakllanmaydigan tarzda o‘tkazish sharti bilan, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa boshqa ekologik xavfsiz usulda amalga oshirishni ta’minlashga majburdirlar.

Mazkur Qonunga muvofiq, Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiya quyidagi bayonot bilan ratifikatsiya qilindi: «Konventsiyaning 25-moddasi 4-bandiga muvofiq A, V yoki S ilovalarga har qanday tuzatishlar O‘zbekiston Respublikasi uchun faqat bunday tuzatishlarni ratifikatsiya qilish, qabul qilish, maqullash yoki ularga qo‘shilish haqida uning hujjatlari saqlashga topshirilgandan keyin kuchga kiradi».

Ta’kidlash joizki,  bugungi kunga kelib “Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiyasi ro‘yxatni kengaytirishga yo‘naltirilgan 3 ta tuzatma kiritilgan. Bu esa nazorat qilinadigan ifloslantiruvchi moddalarning ko‘payishiga olib keldi. Bunda har bir tuzatma Konventsiyaning bir qismi sifatida, agarda Konventsiya Tomonlarining qo‘shimcha shartlari va bayonotlar yo‘q bo‘lgan taqdirda bajarish uchun majburiy hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini hisobga olgan holda har tomonlama puxta o‘ylangan qarorlarni qabul qilish imkoniyatini saqlab qolish maqsadida alohida kimyoviy moddalardan foydalanishni cheklash imkoni yuzaga kelgan taqdirda respublikaga u yoki bu tuzatmaga qo‘shilish maqsadga muvofiqligi masalasini o‘rganish huquqini berish qarori qabul qilindi.

O‘xshash bayonot Rossiya Federatsiyasining 2011 yil 27 iyundagi “Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunida o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari, bunday bayonotlarni Avstraliya, XXR, Hindiston, Koreya Respublikasi, Sloveniya, Moldova va boshqa mamlakatlar qilishgan.

O‘zbekiston Respublikasida Qonun kuchga kirgandan keyin 2 yil mobaynida turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni taqiqlash, cheklash, shuningdek ekologik xavfsiz usulda yo‘q qilish majburiyatlarini bajarishni talab etuvchi Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

Respublikaning Konventsiyaga qo‘shilishi qo‘yidagi imkonyatlarni yaratadi:

– Turg‘un organik ifloslantiruvchilar bilan bog‘liq ekologik holatni yaxshilash, aholi, atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish;

– Konventsiya doirasida yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun rivojlanayotgan hamda iqtisodiyoti o‘tish davrida bo‘lgan mamlakatlarga ko‘mak doirasida turg‘un organik ifloslantiruvchilarni ekologik xavfsiz yo‘q qilish bo‘yicha moliyaviy resurslar va texnologiyalarga ega bo‘lish imkoniyati;

– O‘zbekiston Respublikasining Yevropa ittifoqi imtiyozlari (The EU's Generalised scheme of preferences (GSP) ) Bosh tizimiga qo‘shilishi hisobiga milliy mahsulotlarni eksport qilish geografiyasi va hajmini kengaytirish.

Bunda ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining Stokgolm konventsiyasiga qo‘shilishi kimyo sanoati va qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, negaki, uning ta’sir darajasi O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanmaydigan moddalarga nisbatan tatbiq etiladi..

Shu bilan birga Konventsiyaga qo‘shilish uning doirasida Tomonlarga yuklanadigan majburiyatlarni bajarish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar talab etadi.

Hozirgi vaqtda Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlar, Global ekologik fond, BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan O‘zbekiston Respublikasiga texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
 


 

.

 

 

Useful resources