TXTY-2023: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining yirik turizm tadbirida ishtirok eting
03.
11. 2023
15:49
2739
Янгиликлар

2023-yilning 15–17-noyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2023) bo‘lib o‘tadi.

TXTY turizm mahsulotlarini targ‘ib qiluvchi va hamkorlik uchun biznes aloqalarini o‘rnatuvchi eng yirik axborot tadbiridir. Yarmarka 1995-yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir har yili turizm sohasining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlaydi va ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda 2 yillik tanaffusdan so‘ng TXTY o‘z tarixida birinchi marta byudjet mablag‘larini jalb qilmasdan, davlat-xususiy sheriklik ko‘rinishida tashkil etildi. 30-noyabrdan 2-dekabrgacha bo‘lgan uch kun davomida yarmarkada 11 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, tadbir yakunlari bo‘yicha yarmarkada 300 ta korxona vakillari ishtirok etib, 7 mingga yaqin shartnoma imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR markazi” DUK va “Team & Co Group” kompaniyasi TXTY-2023 tashkilotchilari hisoblanadi. Bu yil bosh hamkor “O‘zbekiston havo yo‘llari” AK bo‘ldi. Yarmarka “O'zekspomarkaz” Milliy ko'rgazmalar majmuasi pavilyonida o‘tkaziladi.

Yarmarka doirasida Fransiya, Chexiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Singapur, Hindiston, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, Xitoy va boshqa 20 davlatning sayyohlik tashkilotlari milliy stendlari taqdim etiladi. 

Bundan tashqari, tadbirning biznes qismida turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida Xalqaro forum hamda sessiyalar o‘tkaziladi. Shuningdek, turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlari taqdimotlari, mahalliy va xorijiy oshpazlar ishtirokida gastro-bozor tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Yarmarkada ishtirok etish uchun www.titf.uz veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Eng yirik xalqaro sayyohlik tadbiri ishtirokchisi bo'lishga shoshiling va jahon turizm sanoati mutaxassislari bilan xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'ying.

Фойдали манбалар