Shavkat Mirziyoyev BMTdagi nutqida Samarqandda boʻlib oʻtadigan xalqaro iqlim forumida iqlim rezolyutsiyasini muhokama qilishni taklif etdi
20.
09. 2023
11:16
2503
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 78-sessiyasida o‘zbek tilida nutq soʼzladi.

"Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʼzgarishi, bioxilma-xillik yoʼqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda, — dedi davlatimiz rahbari. — Аna shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʼzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda".

Shavkat Mirziyoyev global muammo boʼlgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʼlida Oʼzbekiston oʼz imkoniyatlari darajasida harakat qilayotganini alohida ta'kidladi. 

"Soʼnggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurgʼoqchilikka chidamli oʼsimliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Bu saʼy-harakatlarimizni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʼllab-quvvatlashi juda muhim", — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida iqlim muammolari, haroratning keskin isib ketishiga ham e'tibor qaratdi. 

"Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga koʼtarildi. Bu – dunyodagi oʼrtacha isishdan ikki karra koʼpdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yoʼqolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Аmudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʼjaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda", — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev agar oʼz vaqtida taʼsirchan choralar koʼrilmasa, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazishini aytib o‘tdi. Shuningdek, vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari boʼyicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishini qoʼllab-quvvatlab, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilgʼor texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilishni ma'qulladi.

"Biz mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yoʼlga qoʼymoqdamiz. Bunday sheriklik manfaatlarimizga birdek mos boʼlib, iqlim oʼzgarishlari bilan bogʼliq tahdidlarning oldini olishga qaratilgan. Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman", — dedi Prezident.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida, shuningdek, BMT Bosh Аssambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʼlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surib, uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda boʼlib oʼtadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etdi.

Shuningdek, Oʼzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim oʼzgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish biz uchun strategik vazifa boʼlib qolishini ta'kidladi.

Фойдали манбалар