Xo‘jamayxona buloq suvini eshitganmisiz?
14.
05. 2020
13:59
7887
Yangiliklar

Surxondaryo Hisor, Bobotog‘, Ko‘hitang, Boysun kabi purviqor tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan bo‘lib, tabiat mo‘‘jizalariga boy, so‘lim go‘shalari, betakror tabiat manzaralari va tanga davo shifobaxsh buloq suvlari bilan ham tanilgan, sayyohlarni maftun etgan.

Boysun tumanidagi Xo‘jamayxona bulog‘i azaldan mahalliy aholi o‘rtasida shifobaxshligi bilan mashhur bo‘lgan. Maftunkor tabiat manzaralari qo‘ynidan sizib chiqayotgan obi-hayot o‘ta tiniq va yilning to‘rt faslida ham birdek salqin bo‘lib turadi. Uni iste’mol qilgan yoshu-keksaga quvvat ulashib, qalbiga xushnudlik bag‘ishlaydi. Shu bois buloqning siru-sinoati bu suvdan iste’mol qiladigan Darband qishlog‘i ahlini qiziqtirib kelgan.



 


 

– Juda ko‘p yillardan buyon Rossiyada ishlaydigan shifokor hamqishlog‘imiz bor,– deydi darbandlik Ravshan Amanqulov– O‘zi zo‘r kardiolog. Shu kishi bir yili mehmonga kelganlarida gapdan-gap chiqib, qishlog‘imiz odamlari Xo‘jamayxona buloq suvining xususiyatini o‘rganib berishni iltimos qilgan. Shu bahona suvning tarkibini tahlil qilgan mehmonimiz uni “Kavkazdagi eng shifobaxsh suvlardan ham shifobaxshiroq ekan”, deya ta’rif bergani, ayniqsa, yurak-qon, tomir kasalliklariga davo, deb aytganini eshitgan edim. Shundan buyon bu suvni kanda qilmay ichamiz va ruhan tetik bo‘lib yuramiz.

Mutaxassislarning aytishicha, buloqdan sekundiga uch kub suv otilib chiqadi. Suvda bir metrgacha uzunlikdagi baliqlar suzib yuradi. Lekin, ularni hech kim ovlamaydi. Tepadan pastga qarab, torayib boradigan suv g‘orining chuqurligi ham o‘rganilmagan.

Mo‘‘jizalarga boy Xo‘jamayxona atroflari yoz faslida odamlar, sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Sinovli kunlar ortda qolgach, siz ham bu yerlarga kelib, shifobaxsh zilol suvdan istagancha iste’mol qiling, go‘zal tabiat qo‘ynida miriqib dam oling. Hozircha uyda qoling!



 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/kh-zhamaykhona-bulo-suvini-eshitganmisiz-14-05-2020

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar