Samarqandda “Hilton” brendining navbatdagi mehmonxonasi ochildi
20.
02. 2024
12:43
1721
Yangiliklar

Samarqandda “Hilton Samarkand Regency” mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazida joylashgan 20 qavatli mehmonxona mehmondoʻstlik sanoatining yetakchi brendlaridan biri — “Hilton”ning navbatdagi mehmonxonasiga aylandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov, sayyohlik majmuasi boshqaruvchi direktori Gaji Qurbonov va "Hilton Samarkand Regency" mehmonxonasi bosh menejeri Murat Yetisgen, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

“Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston turizm bozoriga koʻplab jahonning mashhur mehmonxona tarmoqlari kirib kelmoqda. Jumladan, Hilton, Interkontinental, Hayyat, Redisson, Minyon, Muvenpik, Vyndham, Ramada, Akkor va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Bularning negizida, albatta, turizm sohasida Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ularning tashabbuslari bilan sohadagi tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, biznes muhiti kundan-kunga yaxshilanib borayotgani yotadi, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov. — Yaqinda Prezidentimiz oʻz farmonlari bilan yangi mehmonxonalar uchun subsidiyalar va qator imtiyozlarni 2026-yilga qadar uzaytirib berdilar. Shuningdek, joriy yilning yanvar oyidan boshlab mehmonxonalar sonini koʻpaytirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi mehmonxona qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismini qoplash tizimi joriy etildi. Qolaversa, dunyodagi mashhur va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezident tashkilotlari uchun royalti xarajatlari ham qisman moliyalashtiriladi”.

“Hilton Samarkand Regency”da bir nechta restoran va barlar mavjud bo‘lib, ularda mehmonlar ajoyib taomlar va turli xil ichimliklardan bahramand bo‘lishlari mumkin. Mehmonxonaning ziyofat xonalari turli tadbirlar, jumladan, ziyofatlar, konferentsiyalar va uchrashuvlarni o‘tkazish uchun qulay. Bundan tashqari, "Hilton Samarkand Regency" o‘z mehmonlariga "Nephrite SPA&Wellness" markazi, ochiq va yopiq suzish havzalari va dam olish va hordiq chiqarish uchun boshqa qulayliklarni taklif etadi. Valyuta ayirboshlash xizmatlari va 24 soatlik qabulxona ham mavjud. 

“Ushbu brendni olib kirishga muvaffaq bo‘ldik va bu Samarqand viloyatida mehmonxona xizmatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Yana bir besh yulduzli mehmonxonaning ochilishi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasini yangi bosqichga olib chiqadi”, — dedi Gaji Qurbonov.

Mehmonxonada 8 toifadagi — shinam standart va panoramali xonalardan tortib prezidentlik xonalarigacha 232 ta xonani bron qilish mumkin. Biznes tadbirlari uchun umumiy maydoni 940 kvadrat metrdan oshadigan zal mavjud. Bundan tashqari, mehmonxona mintaqadagi eng yirik Kongress markazi yonida joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 3500 kishini qabul qila oladi.

Mehmonxonaning har bir xonasida Grebnoy kanali suv sathi, tog‘ cho‘qqilari, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ining firuza gumbazlari va Samarqandning go‘zal panoramasi taqdim etiladi. Har bir xonada qahva mashinasi, ba'zi xonalarda mikroto‘lqinli pech va muzlatkichli oshxona bor. Mehmonxonada ham, dam olish maskanida ham bepul 5G Wi-Fi mavjud.
 
“Hilton Samarkand Regency” mehmonxonasida mehmonlar ikkita restoran va uchta bardan foydalanish imkoniga egalar. Shuningdek, ikkita konferensiya zali va bitta banket zali mavjud. Mehmonxonaning lobbi bari 24 soat ishlaydi va Yevropa taomlarining keng assortimenti, shuningdek, uyda tayyorlangan shirinliklarning katta tanlovi taklif etiladi.

Birinchi qavatda soat 12:00 dan yarim tungacha ochiq “El Sabor” restorani joylashgan. U yerda go‘shtli taomlardan tashqari, salatlar, sabzavotlar, baliqlar, shirinliklar va mahalliy uzum navlaridan vinolarning keng to‘plami mavjud. Restoran 82 kishiga mo‘ljallangan, issiq havoda esa yana 40 kishini terrassaga joylashtirish mumkin. 20-qavatda joylashgan mo‘jazgina oqshomgi “Sky Bar” majmuaning butun hududi, “Boqiy shahar” va Samarqandning ajoyib manzarasini taqdim etadi. Zamonaviy interyer dizayni ajoyib tanlangan kokteyllar va jonli musiqa bilan birgalikda romantik oqshom uchun ideal muhit yaratadi.

Mehmonxonaning ikkinchi qavatida mehmonlar sauna, hammom, issiq vanna va dam olish maskaniga ega “Nephrite SPA & Wellness” majmuasidan to‘liq foydalanishlari mumkin. Majmua nomi Oʻzbekistonning tabiiy moʻjizalaridan biri boʻlgan Nefrit koʻli sharafiga qo‘yilgan. Bu yerda mehmonlarga Bali orolidan kelgan birinchi toifali mutaxassislardan iborat jamoa xizmat ko‘rsatadi, yuz va tana uchun barcha sog'lomlashtirish muolajalari zamonaviy Yevropa kosmetik brendlari asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, mehmonxonada ikkita: mavsumiy ochiq va yopiq basseyn hamda sport zali ham mavjud.

 

Foydali manbalar