10-fevral kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining (“Green University”) majlislar zalida BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasidan keyingi Markaziy Osiyo davlatlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbir “Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishi boʻyicha muzokaralar jarayonida: COP28 natijalari va COP29 uchun rejalar” mavzusiga bagʻishlandi.
Yigʻilishda Markaziy Osiyoning 5 davlatidan ekologiya sohasidagi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, ekologiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatimiz hukumati tomonidan sohaga katta eʼtibor qaratilayotgani, buning natijasida ekologiya sohasi ham tubdan oʻzgarib borayotgani, shuningdek, har bir insonning ekologik huquqi yangi konstitutsiyada mustahkamlanganligini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator tashabbuslar ilgari surildi. Bu tashabbuslar iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurashish borasidagi qatʼiy harakatlarni aks ettiradi, – dedi A.Abduhakimov. — Markaziy Osiyo mintaqasining iqlim oʻzgarishiga qoʻshgan hissasi 2 foizdan kam, ammo u salbiy oqibatlarga eng zaif mintaqalardan biri hisoblanadi. Bugun bizning maqsadimiz Markaziy Osiyo davlatlarining COP28da erishgan yutuqlari va xulosalarini muhokama qilish, shuningdek, COP29da ishtirok etish strategiyasini belgilashdir. Saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirish zarur”.
Oliy darajadagi tadbirning birinchi sessiyasi “Markaziy Osiyoda iqlim siyosatini shakllantirish” mavzusiga bagʻishlandi. Unda Qozogʻiston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vaziri Yerlan Nisanboyev, Qirgʻiziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri Melis Turgʻunboyev, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi Bahodir Sheralizoda va Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charigeldi Babaniyazov ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida soʻzga chiqqanlar mintaqada tajriba almashish, iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish boʻyicha texnologiyalar va resurslarni uzatishga koʻmaklasha oladigan hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar. Iqlim boʻyicha muzokaralar jarayonida Markaziy Osiyoning roli ortib borayotgani mintaqaning xalqaro maydondagi ovozi muhimligini taʼkidlaydi.
Taʼkidlash joizki, Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan bir qator ishlar haqida gapirdi. Jumladan, Orolboʻyida “Iqlim texnologiyalari xalqaro koʻrgazmasi”ni tashkil etish, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasini takomillashtirish, “Green University” negizida yetakchi xorijiy olim va ekspertlar ishtirokida “Iqlim ilmiy forumi”ni tashkil etish, forum doirasida yer degradatsiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini oʻrganish, BMT bilan Oʻzbekistonda 2024-yilda “Iqlim migratsiyasi” konferensiyasini oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasining 2050-yilgacha kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va boshqalar.