Toshkent shahri atmosfera havosi ifloslanishi yuzasidan ma’lumot
12.
01. 2024
12:35
12427
Yangiliklar

Bugungi kunda dunyoning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda.

Xususan, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar ta’sir etmoqda. Jumladan:

1. Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

2. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsada, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.

3. Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan,Respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.

4. Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi.

5. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.

6. Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.

7. Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiasiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Ekologiya vazirligi tomonidan respublika hududida atmosfera havosini muhofaza qilish borasida qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha 1- va 2-toifali sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, mavjudlari rekonstruksiya hamda modernizasiya qilinadi.

Shuningdek, mazkur hududlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni kuzatish postlari joriy etiladi, atrof-muhit monitoringini amalga oshirish uchun esa avtomatik stansiyalar o‘rnatiladi. Bu o‘z navbatida atrof-muhit holatlarini raqamlashtirish orqali sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli moddalarni kuzatish, tahlil qilish, bartaraf etish va ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga imkon beradi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinmoqda:

— «Yevro-4» standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash;

— avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri hududida kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarini harakatini cheklash;

— 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalari harakatlanishini taqiqlash, avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektro-mobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;

— so‘nggi yillarda avtomobil yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida tajriba tariqasida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni «toq va juft» kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;

— shaharning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil qilish;

— jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish;

— barcha turdagi qurilish ob’ektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;

— Toshkent viloyatining  Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlash;

— mikroiqlim mo‘’tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;

— Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Issiqlik markazlarida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;

— ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar barpo etish;

— atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish.

Bugungi kunda «Zamin» xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Respublikada atmosfera havosi ifloslanishini avtomatlashtirilgan tizim orqali monitoring qilish loyihasi o‘rnatilgan 8 ta avtomatik meteostansiyalarni xalqaro iQAIR portaliga integrasiya qilish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, I bosqichda 2022-yilda Toshkent shahridagi 2 stansiya to‘liq integrasiya qilindi. II bosqichda esa 2023 yilda qo‘shimcha 6 ta (Sirdaryo,  Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax viloyati va Qoraqalpog'iston Respublikasi) stansiya to‘liq integrasiya qilindi.

2024-yil 11-yanvar holatiga ko‘ra, xalqaro portalda jami 8 ta stansiya ma’lumoti berib borilmoqda. Mazkur stansiyalardagi ma’lumotlar www.iqair.com portalidan tashqari, monitoring.meteo.uz portalida ham aks etmoqda. Shu bilan birga, mazkur portalning AirUz mobil ilovasi Google Market va AppStore marketlarida ham joylashtirilgan.

III bosqichda 2024-yilning 1-yarim yilligiga qadar yana 6 ta stansiya (Toshkent, Nurafshon, Andijon, Namangan, Farg'ona, Navoiy, Buxoro hamda Qarshi) integrasiya qilinishi va yakuniy bosqichda Respublika bo‘yicha jami o‘rnatilgan stansiyalar sonini 16 taga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Foydali manbalar