Ekologiya sohasida xalqaro hamkorlik kengaymokda
21.
10. 2021
12:38
3871
Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Gland (Shveytsariya) shahrida joylashgan Bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Ularni Ittifoqning rivojlanish guruhi global direktori Enrike Lamann kutib oldi.

Malumot uchun: Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bioxilmaxillikni saqlash sohasida tadqiqotlar olib boruvchi, tabiatning yaxlitligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga hissa qo‘shuvchi dunyoda yetakchi tashkilot hisoblanadi. Ittifoq 1948 yilda YuNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unga 120 ta davlat tashkilotlari va 91 mamlakat a’zo.

Uchrashuvda O‘zbekistonning qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar va biologik xilma-xillikni saqlash sohasiga qaratilgan sa’y-harakatlari, ilmiy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Ittifoq a’zoligiga kirishiga bo‘lgan intilishlari alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, J. Kazbekov o‘z nutqida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida olib borilayotgan izchil ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Mazkur Ittifoq bilan o‘zaro hamkorlik Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan "O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash", "O‘zbekistonning tog‘li va vodiyli hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish", "Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish" kabi qo‘shma grant loyihalari doirasida faollashgani qayd etildi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonning Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zolik maqomini tan olish marosimi o‘tkazildi. Shunday qilib, mamlakatimiz Ittifoq safiga qo‘shilgan 92-chi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi davlat bo‘ldi.

Bu yutuq O‘zbekistonga Global ekologik jamg‘arma (GEF) va Yashil iqlim jamg‘armasi (ZKF) dan ekologik loyihalar uchun grant mablag‘larini jalb qilishni jadallashtirish, respublikadagi ixtisoslashtirilgan muassasa va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi strategik hujjatlarni ishlab chiqishda Ittifoqning xalqaro standartlarini qo‘llash imkoniyatlarini yaratadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar