«Ecologuz» ijtimoiy telegramm kanalida 2021 yil 29 avgust kuni joylashtirilgan «Davlat qo‘riqxonalarida nega chorva boqilmoqda? Nega Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar noqonuniy tarzda ovlanmoqda?» mavzusidagi post yuzasidan
31.
08. 2021
17:05
4574
Ekanadzor

Davlat ekologiya qo‘mitasi «Ecologuz» ijtimoiy telegramm kanalida 2021 yil 29 avgust kuni joylashtirilgan «Davlat qo‘riqxonalarida nega chorva boqilmoqda? Nega Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar noqonuniy tarzda ovlanmoqda?» mavzusidagi postni ko‘rib chiqib, davlat qo‘riqxonalari va boshqa turdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi haqiqiy ahvol o‘rganilmasdan yozilganligini ma’lum qiladi.

Mazkur post muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda fidokorona mehnat qilayotgan, mehnatiga nisbatan kam ish haqiga qanoat qilgan holda, tunu-kun Ona tabiatimiz muhofazasini ta’minlab kelayotgan xodimlarga nisbatan xolisona baxo berilmagan.

Postda birinchi ko‘rsatilgan masala Hisor davlat qo‘riqxonasida 4-5 yildan beri chorva mollari noqonuniy ravishda boqib kelinayotganligi va bu holatga qarshi chiqqanlar rotatsiya qilinmoqda va ishdan bo‘shatilmoqda, deb ta’kidlangan. Davlat ekologiya qo‘mitasi «Ecologuz» telegram kanaliga ushbu ma’lumotni yuborgan murojatchiga kuyidagilarni ma’lum qiladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi 80 ming gektardan ortiq maydonda joylashgan. Uning hududi aholi manzilgohlaridan kamida 10-80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hudud jami 34 nafar qo‘riqlov xodimlari tomonidan muhofaza qilinadi. Har bir xodimga 2300 gektardan muhofaza qilinadigan murakkab tog‘li hudud to‘g‘ri keladi. Buning ustiga qo‘riqxonaning janubiy chegaralari hech qanday muhofazaga ega bo‘lmagan Surxondaryo viloyatining chorva mollari boqiladigan hududlari bilan chegaradosh. Qo‘riqxona xodimlari jazirama issiqda ham, qahraton qishda ham navbat bilan ushbu hududlarda 5-6 kunlab uyga kelmasdan qo‘riqlash ishlarini olib borishadi. Qo‘riqlov hodimi o‘ziga berkitilgan hududni bu boshidan u boshigacha tinmay yurganda 2 kun kerak bo‘ladi. Davlat ekologiya qo‘mitasi qo‘riqxona qo‘riqlov hodimlarini ma’lum bir kichik binoni (ob’ektni) qarovullariga tenglashtirishni xato deb xisoblaydi.

Davlat qo‘riqxonalarida qo‘riqlash va ilmiy-tadiqot ishlaridan boshqa har qanday turdagi xo‘jalik faoliyati taqiqlangan. Chorva mollarining boqilishi shular jumlasidan. «Davlat qo‘riqxonalarida nega chorva boqilmoqda? Nega Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar noqonuniy tarzda ovlanmoqda?», deb urg‘u berilmoqda. Qonuniy chorva mollarining boqilishi yoki ov qilish tushunchasi davlat qo‘riqxonalarida bormi o‘zi? Murojaatchi qonun talablarini, keyin jumlalarni tuzayotganda atamalarning to‘g‘ri ishlatilishiga e’tibor qaratishi maqsadga muvofiqdir.

Jamiyatimizda tabiiy resurslar hisobiga kun ko‘rishga odatlangan noinsof insonlar bor ekan, deyarlik barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda qonunbuzarliklar sodir bo‘lib turadi. Qonunbuzarliklar Davlat ekologiya qo‘mitasining inspektorlari va qo‘riqxona qo‘riqlov bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z vaqtida aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilik talablariga muvofiq chora ko‘rilmoqda. Jumladan, 2020 yilda Hisor davlat qo‘riqxonasining o‘zida 39 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, shundan 36 tasi chorva mollarining boqilishi, 3 tasi ovchilik huquqbuzarligi hisoblanadi. Huquqbuzarlarga nisbatan tuzilgan hujjatlar huquq-tartibot organlariga hal qilinish uchun taqdim etilgan. 2021 yilning joriy davrigacha jami 24 ta huquqbuzarlik holati, jumladan, 21 ta mol boqish, 3 ta ov qilish holatlari qayd etilgan. Misol uchun, 2021 yil 25 avgust kuni chorva mollarining boqilishi bo‘yicha 2 ta holat, Sibir tog‘ echkisining ov qilinishi bo‘yicha bitta holat aniqlanib tegishli qonunbuzarlik hujjatlari rasmiylashtirilgan va huquq tartibot organlariga topshirilgan.

Postda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilishi salbiy oqibatlarga olib kelmoqda, degan fikr bildirilgan. Shu munosabat bilan murojaat muallifiga 2019 yilgacha bo‘lgan davrdagi holat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berish joizdir.

2019 yilga qadar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida bo‘lgan davlat qo‘riqxonasi uchun yildan yilga qo‘riqxona hududlaridan daraxt mevalarini va dorivor o‘simliklarni yig‘ish va boshqa topshiriqlarni bajarish majburiy bo‘lib qolganligi, davlat qo‘riqxonalari so‘nggi 20-25 yilda moddiy-texnik jihatdan ta’minlanmaganligi, xizmat kiyim-boshlari xodimlariga olib berilmaganligi, qo‘riqxonaning barcha xodimlari o‘z vazifalari qolib, turli qishloq xo‘jalik ishlariga jalb kilinganligi soha mutaxassislariga ma’lum. U davrdagi oylik bilan bog‘liq muammolari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilgandan keyingi davrdagi ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida tabiat fidoyilari bilan oddiy suhbatda bilib olsa buladi. Noyob hayvonlarning bosh soni oshib borayotganligi muhofaza etilayotgan tabiiy hududlarda qo‘riqlash ishlarining qanday olib borilayotganligiga berilgan baho bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, Surxon davlat qo‘riqxonasida morxo‘r yoki burama shoxli echkining soni 2018 yilda 386 boshni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil bahorgi sanoq davrida 607 boshni tashkil etgan.

Davlat qo‘riqxonalariga 2020-2021 yilda 19 dona yangi yo‘ltanlamas avtomobillari, barcha xodimlarga 2 komplektdan xizmat kiyim boshi olib berilganligi, ularga oylik maoshiga yo‘l xarajatlari va ovqatlanish uchun 1 mln.so‘mdan qo‘shimchalar berilganligi, umuman ma’muriy binosi bo‘lmagan Zomin davlat qo‘riqxonasiga zamonaviy yangi bino qurib berilganligi, o‘tgan asrning 70- yillarida qurilgan va biror marta ta’mirlanmagan Nurota davlat qo‘riqxonasi ma’muriy binosini zamonaviy tarzda kapital ta’mirlangani va ular to‘la jihozlangani, barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xodimlarning o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishlari uchun 20 dan ortiq kordonlar (inspektorlar uyi) qurilganligi, mavjud bo‘lgan va ta’mirtalab holdagi kordonlarning ta’mirlanganligi, kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari bilan ta’minlanishi, qo‘riqlov va ilmiy xodimlarning katta qismi qo‘mita qoshidagi o‘quv markazida malakasini oshirgani hamda boshqa ishlar barchasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bulardan tashqari davlat qo‘riqxonalari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida bo‘lganda 2019 yilgacha ularning qo‘riqlanma zonalari belgilanmagan (holbuki, «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonun 2004 yilda yangi tahrirda chiqqan va uning 47-moddasida shu talab qo‘yilgan edi). Mazkur qo‘riqxonalar Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgandan keyin 1,5 yil ichida barchasining qo‘riqlanma zonalari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilandi.

Hurmatli murojaatchi e’tiborini yana bir bor shu narsaga qaratish zarur, ya’ni davlat qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, biosfera rezervatlari, majmua landshaft buyurtma qo‘riqxonalari, buyurtma qo‘riqxonalari - davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil etilgan.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar agar shu kungacha O‘rmon xo‘jaligi tizimida qolganda nima bo‘lishi mumkinligini aytish mushkul. Lekin, mazkur qo‘mita tizimida bo‘lib kelayotgan Zarafshon milliy tabiat bog‘ining bugungi achinarli holati bunga misol bo‘lishi mumkin.

Mazkur holatning tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 20 martidagi PQ-4247-sonli Qarori o‘z vaqtida va Ona tabiatimizni muhofaza qilishni samarali ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi hozirgi kunda ham muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimida hal qilinmay qolayotgan kamchiliklar mavjud ekanligidan ko‘z yummaydi, biroq bosqichma-bosqich bu kamchiliklar yaqin yillarda bartaraf etiladi. Buning uchun qo‘mita o‘z imkoniyatlari va e’tiborini qaratib kelmoqda. Zero, biologik xilma-xillik muhofazasini ta’minlash, tabiiy majmualar va ob’ektlar sofligini saqlab qolish hamda qayta tiklanishi uchun sharoit yaratib berish mamlakatimiz ekologik havfsizligining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar