Ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reestrlari yuritiladi
16.
10. 2023
11:08
2792
Новости

Ushbu tartib-qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-avgustdagi “Ekologik audit sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 402-sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik audit to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, ishlab chiqarishning ekologik nazoratini amalga oshirishda ekologik audit faoliyatini samarali tashkil qilish hamda ekologik auditorlik xizmati sohasini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida qabul qilingan ushbu qaror bilan ekologik auditorning malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. 

Hujjatga muvofiq, ekologik auditorning malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini tashkil etish, sertifikatni berish, ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reestrlari yuritish bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakolatli organ hisoblanadi. 

Malaka imtihoni har chorakda bir marotaba o‘tkaziladi va test ko‘rinishida kompyuter vositasi orqali olinadi. Imtihonning test savollari imtihon komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Test savollariga kiritilgan sohalar bo‘yicha mavzular Ekologiya vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Malaka imtihonining test savollari quyidagi yo‘nalishlar o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, atmosfera havosini muhofaza qilish, suv va yer resurslari muhofazasi sohasidagi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga tegishli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bo‘yicha jami 50 ta nazariy savollardan iborat bo‘ladi.

Har bir to‘g‘ri javob uchun bir ball beriladi. Malaka imtihoni natijalari ijobiy deb baholanishi uchun ballar yig‘indisi 40 balldan kam bo‘lmasligi kerak. Malaka sertifikati hisobga olish seriyasi va raqamiga ega bo‘ladi hamda besh yil muddatga amal qiladi.

Ekologik auditorlar har ikki yilda bir marta ekologik auditorlarning malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart. Malaka oshirish Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti huzuridagi Аtrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi yoki belgilangan tartibda attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun, Respublikamizda faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik audit to‘g‘risida” Qonuni qabul qilingan.

Qonunning asosiy maqsadi:

— ekologik audit subyektining xo‘jalik va boshqa faoliyati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash;

— ekologik audit subyekti faoliyatining atrof-muhit holatiga taʼsirini baholash;

— atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini kamaytirish;

— atrof-muhitni boshqarish tizimining samaradorligini baholash;

— ekologik audit xulosasini tuzish, ekologik audit subyekti tomonidan amalga oshiriladigan tabiatni muhofaza qilishga oid tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek, atrof-muhitni boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Respublikada ekologik auditni ekologik auditorlardan tashkil topgan ekologik auditorlik tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari Ekologik auditorning malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi.

Полезные ресурсы