«Navoiyazot» AJ korxonasi faoliyati yuzasidan axborot
09.
08. 2019
19:59
7617
News

Navoiy viloyati Ekologiya va atrof–muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga «Navoiyazot» AJ dan chiqarilayotgan zararli gazlar va yoqimsiz hidlar bezovta qilayotganligi to‘g‘risida Navoiy shahar 9–10 kichik tumanlari fuqoralaridan norozilik murojatlari kelib tushgan. Ushbu muammolarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf qilish bo‘yicha murojatchilar bilan Navoiy viloyati Ekologiya va atrof–muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’sul xodimlari hamda «Navoiyazot» AJ ma’sul xodimlari ishtirokida joriy yilning 23 iyul kuni soat 11–00 da tushuntirish ishlarini olib borildi.

«Navoiyazot» aktsionerlik jamiyatining sanitar laboratoriyasi tomonidan reja–jadval asosida kechayu–kunduz belgilangan soatlarda jamiyatning sanitar himoya hududidan, Karmana tumani «Ayronchi» MFY hududidan, Navoiy viloyati xokimligi binosi yonidan taxlil namunalari olinadi.

Navoiy shahar atmosfera havosi doimiy ravishda viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan 24 soat davomida belgilangan uchta postlarda (1–post «F.Xo‘jaev» ko‘chasida, 2–post «G‘alaba» shox ko‘chasi 125–uy yonida, 3–post «Qizilqum» ko‘chasi) 8 xil ingridientlarga namunalar olinib, taxlil qilinadi.Taxlil natijalari Navoiy viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga doimiy ravishda nazorat uchun taqdim etib boriladi.

Ob–havoda noqulay meteorologik sharoit vujudga kelganda ya’ni havoning tinch xolatida (shtil), shamol o‘z yo‘nalishini shahar tomonga o‘zgartirganda atmosfera havosi tarkibida noorganik chang, azot oksidlari va ammiak moddalari mavjudligi kuzatilgan. Bunday sharoitda atmosfera havosini tabiiy tarkibini saqlash maqsadida «Navoiyazot» aktsionerlik jamiyatining ishlab chiqarish tsexlari ogohlantiriladi va noqulay meteorologik sharoitda belgilangan tartib asosida I–II–III–rejimlarga o‘tiladi. Noqulay meteorologik sharoitda bajariladigan chora–tadbir rejalari tuzib, boshqarma bilan kelishilgan.

Atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari tomonidan tabiatni muhofaza qilish yillik chora tadbirlari tuzilgan.Chora tadbirlarda chang–gaz tozalash uskunalarini ta’mirlash, zamonaviy uskunalarni o‘rnatish, chang bostirish, manzarali daraxtlarni parvarishlash kabi ishlar bajarilishi ko‘rsatilgan.

«Navoiyazot» AJ sanitar laboratoriyasi 19 iyul soat 4–20 da zavod hududining atmosfera havosidan namunalar olib tahlil qilganda, xlor moddasining ruxsat etilgan kontsentratsiyasi 1 mg/m3 bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, amalda 2 mg/m3 tashkil etib, belgilangan me’yordan 2 barobar yuqori xolat qayd qilingan. Soat 7–00 da zavod dispetcherining qo‘ng‘irogiga asosan sanitar laboratoriya tomonidan 107–tsex hududidan namunalar olib, tahlil qilinganda xlorid kislotasi miqdori 5 mg/m3 belgilangan bo‘lsada, amalda 8 mg/m3 ni tashkil etib, belgilangan me’yorlardan 1,6 barovar yuqorilik xolati qayd etilgan. Navoiy shahar gidrometereologiya boshqarmasiga qarashli atmosfera havosini monitoringini olib borish kuzatuv laboratoriyasi (LMZAV) tomonidan 19 iyul kuni ertalab soat 7–00 da kuzatuv postlarida atmosfera havosidan namunalar olib tahlil qilinganda azot oksidlarining mikdori 0,09 mg/m3 ni tashkil etib (meyo’r–0,04 mg/m3), belgilangan me’yorlardan 2,25 marta yuqorilik xolati kayd etilgan, ammiak miqdori 0,08 mg/m3 ni tashkil qilib (me’yor–0,04 mg/m3) 2,0 marta yuqorilik xolati qayd etilgan. Xuddi shunday xolat 3–postda (Qizilqum ko‘chasidagi kuzatuv postida) qayd qilingan, ya’ni azot oksidlarining miqdori 0,10 mg/m3 yoki (meyo’r–0,04 mg/m3) 2,5 marta yuqorilik xolati qayd etilgan, ya’ni aholi yashash punktlarida ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasi belgilangan me’yorlardan yuqori xolatlar qayd etilgan. Soat 13–00 da olingan namunalarda azot oksidlarining kontsentratsiyasi 0,04–0,05 mg/m3 ya’ni belgilangan me’yorlar atrofida kuzatilgan. Lekin «Navoiyazot» AJ sanitar laboratoriyasi tomonidan olingan namunalarida belgilangan me’yorlardan yuqori xolatlar qayd etilmagan.

Salbiy holatning kelib chiqishiga asosiy sabab: havo haroratining tabiiy holda keskin ko‘tarilib ketishi, shamol tezligining pastligi sababli zararli gazlarning tarqalishi qiyinlashishi hisoblanadi. Zararli gazlarni tozalash va ushlab qolish uchun kerakli ehtiyot qismlar almashtirilishi shart bo‘la turib korxona tomonidan vaqtida almashtirilmagan. Ehtiyot qismlarni chet eldan sotib olish uchun belgilangan tartibda «UZKIMYOIMPEKS» MChJga buyurtmalar yuborilgan. Lekin atmosfera havosiga zararli moddalarni keskin kamayishini ta’minlaydigan klapan–regulyatorlar, gaz yonish jarayonlarinigranulyatsiya uskunasi VVG–500, AVK–10 katalizatorlari kabi uskuna va ehtiyot qismlar olib berilmagan.

2019 yilning 19 iyul kuni ertalab soat 7–00 da havo xarorati keskin ko‘tarilishi natijasida «Navoiyazot» AJga tegishli 140–podstantsiyada temperatura ko‘tarilib transformator moyi qaynab, transformator avariya xolatida to‘xtab qolgan. Buning oqibatida ventilyatorlar va nasoslar ishdan chiqib zavodning 1–toifali xavfli suyuq xlor, xlor maxsulotlari va kaustik soda ishlab chiqarish kompleksi bo‘lgan 107–tsexidagi quvurda yoriq paydo bo‘lib, xlorid kislotasi to‘kilishiga olib kelgan. Xlorid kislotasining parlari soat 7–20 ga qadar atmosfera havosiga ajralib chiqishi davom etgan. Xlorid kislota parlarini atmosfera havosiga ko‘tarilishini oldini olish maqsadida suv va ohak bilan neytrallanib avariya xolati bartaraf qilingan.

Yuqoridagi salbiy holatlarni bartaraf qilish yuzasidan Navoiy viloyat Ekologiya va atrof muxitni muxofaza kilish boshkarmasining talabnomalari asosida 2018 yilning 26 avgustida «Navoiyazot» AJda «O‘zkimyosanoat» AJ ma’sul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2018 yil 15 avgustdagi 112218–sonli «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruv raisiga Respublika Bosh prokuratura tomonidan yuborilgan Taqdimnoma kun tartibida ko‘rib chiqilib, tuzilgan bayonnomaga asosan atrof muhitni ifloslanishini oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan kelishgan xolda 66 banddan iborat chora tadbirlar ishlab chiqildi. Hozirgi kunda bu tadbirlarning 11 tasi extiyot qismlarni chet eldan sotib olish bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli bajarilmagan. Chora tadbirlarning bajarilishi nazorat qilib borilmoqda.

2019 yilning iyul oyida kunlar isib ketishi munosabati bilan atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlarni kamaytirish maqsadida boshqarma mutaxassislari hamda «Navoiyazot» AJ mas’ul xodimlari ishtirokida bir necha bor muzokaralar olib borildi. Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi. Yig‘ilish qaroriga asosan qo‘shimcha amaliy chora tadbirlar bajarilishi, qat’iy nazorat o‘rnatilishi kelishib olindi. 2019 yilning 18 iyul kunidagi «Navoiyazot» AJning 89–sonli farmoyishiga asosan bir necha kundan buyon ertalablari havo xaroratining baland bo‘lishi, shamolning umuman to‘xtab qolishini inobatga olgan holda soat 4–00 dan 9–00 gacha tsexlarda ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari butunlay to‘xtatiladi.

«Navoiyazot» AJda Prezident qarorlari asosida yangi texnologiyani joriy qilish bo‘yicha quyidagi yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda:

1. Xitoy texnologiyasi asosida polivinilxlorid (PXV), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi.(PQ №2272 16.12.2014 y.)

2. Yaponiya texnologiyasi asosida Ammiak va karbamid ishlab chiqarishlari qurilishi.(PQ 32372 21.07.2015 y.)

3. Shvetsariya texnologiyasi asosida azot kislotasi ishlab chiqarishini tashkillashtirish (PQ №2521 15.04.2015 y.).

Shvetsariya texnologiyasi asosida azot kislotasi ishlab chiqarish korxonasi 2019 yilning oxirida ishga tushishi bilan eski ammiak ishlab chiqarish 1 va 2 navbati va azot kislotasi ishlab chiqarish tsexi (5–tsex) faoliyati tugatiladi. Polivinilxlorid (PXV), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi joriy yilning 3–choragida ishga tushishi bilan 107–tsex kapital ta’mirlash uchun to‘liq to‘xtatiladi. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida atmosfera havosiga tashlanadigan azot oksidlari, ammiak, xlorid kislotasi miqdori keskin kamayadi.

Navoiy viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan viloyat teleradiokompaniyasi, viloyat gazetasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologik partiyasi, qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda Navoiy shahar aholisi bilan «Navoiyazot» AJning atrof muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha jamoat eshittiruvi 2019 yilning 20 avgust kuni tashkil etilishi rejalashtirildi. Jamoat eshituvida «Navoiyazot»AJning ma’sul mutaxasislari aholiga korxonaning keyingi yillarda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida, kuzatilayotgan salbiy oqibatlarni takrorlanmasligi hamda kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilishi bo‘yicha hisobot berishi rejalashtirilgan.

 

Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muxitni muxofaza kilish boshqarmasi

Axborot xizmati
 

Useful resources