2021 yil 1 dekabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida 9 dekabr – Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni o‘tkazilishi munosabati bilan Antikorruptsion haftalik doirasida «Ochiq eshiklar kuni»ni tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Islombek Boqijonov so‘zga chiqib, oxirgi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani, ammo bu borada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham ko‘pligini, ushbu illatning oldini olishda, avvalo, davlat idoralarining ochiq va shaffofligini ta’minlash muhim ekanligini ta’kidladi. Bu o‘rinda faoliyatni raqamlashtirish va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali inson omilini kamaytirib, shaffoflikka erishish mumkinligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoni qabul qilindi.
Bugungi kunda Ochiq ma’lumotlar portali – https://data.gov.uz hamda Qo‘mita veb-saytining Ochiq ma’lumotlar bo‘limida 24 xildagi ochiq ma’lumotlar har chorak yakuni bo‘yicha taqdim etib boriladi. Xususan, Qo‘mita faoiyatiga oid hisobot, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, byudjet, Qo‘mita tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari va boshqalar.
Shu bilan birga tadbirda ekolog kadrlar, shuningdek, kadrlarni ishga qabul qilishda shaffoflik masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Davlat ekologiya qo‘mitasi va uning tarkibiy hamda hududiy tizim tashkilotlarida 2021 yil 30 noyabr holatiga jami 11 347 ta shtat birligi bo‘yicha xodimlar mavjud bo‘lib, ulardan 32 foizi boshqaruv, 68 foizi texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardir.
Qo‘mitaning o‘zining maqsad, vazifa va funktsiyalaridan kelib chiqib, jami 3 690 nafar sohaning mutaxassislari mehnat faoliyatini olib borishlari talab etiladi.
Ayni kunda sohada aynan o‘zining soha yo‘nalishi bo‘yicha 32 foizi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, 6 foizi geolog, 5 foizi o‘rmon xo‘jaligi, 5 foizi biolog, 4 foizi zootexnik, 4 foizi o‘simliklarni himoya qilish, 3 foizi suv xo‘jaligi, 3 foizi kimyo texnolog, 17 foizi iqtisodchi va huquqshunoslik, 1 foizi axborot texnologiyalari, jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlanganidek, Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalaridagi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5843-son Qarorlariga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi bilan ochiq mustaqil tanlov asosida nomzodlar ishga qabul qilinmoqda. Hozirgi vaqtda jami 41 ta vakant joy mavjud. Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalarida “Vacancy.argos.uz” sayti orqali e’lon qilinayotgan bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga nomzodlar tanlov asosida test hamda suhbat natijalariga ko‘ra, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga belgilangan tartibda ishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu amaliyot sohaga iqtidorli yoshlarni va malakali mutahassilarni tanlab olishda yengilliklar bermoqda va bu borada “tanish-bilishchilik” kabi salbiy holatlarga barham bermoqda. Shuningdek, tadbirda davlat byudjeti, byudjetdan tashqari mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati