2021 yil 18 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi hududidagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining grant loyihasini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur loyiha 2022-2024 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 7 mln AQSh dollaridan ortiq grant mablag‘lari ajratiladi.
Uchrashuvda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Kazbekov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakili hamda Loyihani boshqarish guruhi uchun jalb qilingan «G.E.O.S. Ingenieurgesellschaft mbH» (Germaniya) kompaniyasining konsultantlari ishtirok etdi.
Muzokaralar doirasida O‘zbekiston hududidagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal etish, xususan, bu kabi ob’ektlarni ekologik qayta tiklash, sog‘lomlashtirish va rekultivatsiya qilish hamda aholi salomatligi va atrof-muhitga xavfni kamaytirish maqsadida olib boriladigan zarur chora-tadbirlar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Muloqot davomida tomonlar grant loyihasini amalga oshirishning tashkiliy jihatlari, jumladan, tegishli bitim va huquqiy hujjatlarni kelishish va imzolash kabi masalalar ham muhokama qilindi.
|
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati