Qashqadaryo viloyati: noqonuniy baliq ovlovchilar ushlandi
29.
10. 2019
10:50
6601
Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi mutaxassislari hamda Ekologik nazorat inspektorlari tomonidan sohadagi qonunchilik talablariga rioya etilishi va brakonerlikka qarshi kurashish maqsadida joriy yilning 25 oktyabr kuni Nishon tumani hududida reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida Nishon tumani «Balxiyak» MFYdan Mirishkor tumaniga o‘tuvchi ichki yo‘l chap tomonidagi zovurda (kollektor) sariq rangdagi jiguli rusumli davlat raqami 70 A 285 HA avtomashinada 3 nafar shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda, ya’ni elektr toki bilan baliq ovlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Inspektorlar o‘z vakolati doirasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlarini so‘rashganda, bir nafar shaxs o‘zini avtomashina haydovchisi Nishon tumani «Balxiyak» MFYda yashovchi Qurbonov Alimardon Xolboevich va Xudoyorov Alisher Berdiyorivich, Ismatov Abdurashid Xolmatovichlar deb o‘zlarini og‘zaki tanishtirib, hech qanday hujjatlarni taqdim eta olmadi.

Shundan keyin avtomashina ko‘zdan kechirilganda, 1 dona 15 metrli elektr simi ulangan qo‘lbola sachok, 1 dona 15 metr elektor simi ulangan qo‘lbola elektor tokini uzaytiruvchi moslama, 1 dona «Mustang» rusumli yangi akkumulyator, 1 dona eski elektr tokini kuchaytirgich (elektroudochka), 1 juft maxsus etik, oq polietilen xaltada jami 23 dona har xil turdagi noqonuniy ovlangan baliqlar, shundan: 2 dona laqqa, 6 dona karas, 13 dona sazan, 2 dona O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdoriga o‘xshash baliqlar borligi aniqlandi.

Aniqlangan holat bo‘yicha uch nafar shaxs yozma ravishda tushuntirish xatini yozib bergan. 3 nafar shaxsdan yuqorida bayon etilgan vositalar qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Hozirda mazkur aniqlangan holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga topshirish uchun  rasmiylashtirilmoqda.



Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar