Jizzax viloyati: Daraxtni  noqonuniy kesmang!
23.
10. 2019
21:28
6422
Yangiliklar

Atmosfera havosini ifloslanishining oldini olishning eng muhim omillaridan biri o‘simliklar,  ayniqsa,  daraxt va butalar ekishni ko‘paytirishdan iboratdir. So‘nggi paytlarda daraxt ko‘chatlarini ekish, o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish,  shuningdek,  yashil maydonlarni kengaytirish masalalariga ko‘proq e’tibor berilayotgan bir paytda,  daraxtlarni noqonuniy kesib,  o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotgan kimsalar ham uchrab turibdi. 

G‘allaorol tumani, «Jiydali» QFYdagi 10-qishloq oilaviy poliklinikasining rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Nurmuratov M.J. ushbu tibbiyot muassasasi hududidagi 2 tup qurigan va 9 tup o‘sib turgan qayrag‘och daraxtlarini hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda kesib olgan. Bu bilan u O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 5, 21-moddalari va «O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunining 4,37,49 - moddalari talablarini buzgan. 

Huquqbuzar bu qilmishi bilan o‘simliklar dunyosiga 34 565 000 so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Qonunbuzarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi,1-qismiga binoan 2 230 000 so‘m miqdorda jarima belgilandi.


Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar