Har bir murojaat e’tiborda: 162 tup manzarali daraxtlarni noqonuniy kesgan shaxslar javobgarlikka tortiladi
10.
01. 2020
12:36
6144
News

Bugungi kunda atrof muhitni, xususan o‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilishga befarq bo‘lmagan faol OAV vakillari, jamoat tashkilotlari hamda fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bayon etilgan masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rnatilgan tartibda hal etish, o‘z navbatida fuqarolar, davlat idoralari va boshqa tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro X. Po‘latovaning 2020 yil 3 yanvardagi Bekobod tuman o‘rmon xo‘jaligi yerlarida noqonuniy ravishda kesilgan daraxtlar to‘g‘risidagi murojaati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiyasi tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish davomida Bekobod davlat o‘rmon xo‘jaligining «Shirinsoy» o‘rmon bo‘limi hududida jami 162 tup har xil turdagi manzarali daraxtlar O‘zbekiston Respublikasi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining (yangi tahriri) 32 va 37-moddalari hamda «O‘rmon to‘g‘risida»gi qonunining 32-moddasi talablariga zid ravishda «Bekobod» davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Sultanqulov Erkin Mo‘minovich va boshqalar tomonidan daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilib, o‘simlik dunyosiga 1 252 791 700 (bir milliard ikki yuz ellik ikki million yetti yuz to‘qson bir ming yetti yuz) so‘mlik zararning yetkazilishiga sabab bo‘lgan.

Hozirda mazkur huquqbuzarlikka nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.



Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources