Daraxtlar va butalarning shoxlarini butashga xulosa talab etilmaydi!
29.
11. 2019
19:51
6547
News

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan daraxtlar va butalarning shoxlarini butash, bunda ruxsat berish tartib-taomillari borasida asosli hamda asossiz fikrlar bildirilmoqda. 

Bayon etilgan masalaga oydinlik kiritish maqsadida eslatib o‘tish joizki, ya’ni  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish ustidan davlat nazorati mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda hududiy ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish hamda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom»ning 34-bandiga muvofiq daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida tanasining bir qismini va (yoki) tag qismidan (qurigan va kasallangan daraxtlarni) kesish Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida to‘lovlarsiz amalga oshiriladi.

O‘z navbatida mazkur bandning ikkinchi xatboshiga muvofiq daraxtlar va butalarning shoxlarini sanitariya maqsadida kesish yoki butashga xulosa talab etilmaydi!

Yuqorida bayon etilgan Nizomning 12-bandiga muvofiq Daraxtlar va butalarni butash:

– shaharlar va tumanlar markazlaridagi ko‘chalarda — biriktirilganligiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari;
– boshqa aholi punktlarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari;
– tashkilotlarning hududlarida — yer egalari;
– umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida — Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkilotlari;
– temir yo‘llar bo‘ylarida — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tashkilotlari;
– daryo, soy, irmoq, kanal, zovur va ariqlar bo‘ylarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari va suv xo‘jaligi organlari;
– fermer xo‘jaligi yerlarida va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan boshqa yerlarda — yer egalari;
– zaxira yerlarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Butashdan hosil bo‘ladigan shox-shabbalarni olib chiqib ketish ushbu ishlarni bajargan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.



Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources