Andijon: Chiqindi – koni zarar, qayta ishlansa – katta boylik
27.
11. 2019
17:51
7315
News

Mamlakatimizda aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirish va tozalikka rioya qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda chiqindini qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishning samarali usullari yo‘lga qo‘yilgan. Bu amaliyot O‘zbekistonga ham jadal kirib kelmoqda, mazkur sohaga doir tadbirkorlik faoliyati davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tashabbuskorlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, o‘ziga xos tijoratlarini ishga tushirmoqdalar.

Ana shunday korxonalardan biri Andijon shahrida faoliyat yuritib kelmoqda.

«Eldaz-Design» MJCh 2018 yilda tashkil topdi. Korxona shisha chiqindisi va kesilgan oyna qoldiqlaridan mayolika (koshin) ishlab chiqaradi.

– O‘zi asli Toshkentning «Ko‘kcha» dahasidanman, Andijonda 16 sotix yer uchastkam bor edi, – deydi «Eldaz-Design» MJCh rahbari Elmurod Azizov. – Kelajakda shu yerda qurilish qilib, bir korxona ochib, o‘z biznesimni yuritishni dilimga tugib qo‘ygan edim. Ezgu niyatim amalga oshib, 2018 yilda o‘z biznes-rejamni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga taqdim qildim. U kishi baholiqudrat g‘oyamni qo‘llab-quvvatladilar, hatto tijorat bankidan imtiyozli kredit olishimga ko‘mak ham berdilar. Shu tariqa korxona o‘z mablag‘im va tijorat bankining imtiyozli krediti asosida ish boshladi.

Bugungi kunda korxonada 45 kishiga ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, unda ikki yuz turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mayolika koshinlari, asosan katta basseyn, kichik suv havzalari, fontanlar, sport komplekslari, xonadonlarning oshxona, hammom va devorlarni bezashda qo‘llaniladi. Hatto, polga ham to‘shasa bo‘ladi.

– Mayolika koshinlari butkul sof ekologik mahsulotdir, – deb so‘zida davom etadi Elmurod Azizov. – Undagi barcha zaharli yoki zararli moddalar pechga solingandayoq yo‘q bo‘ladi. Yana mayolikani tayyorlashda maxsus sertifikatga ega ekologik toza xom ashyo qo‘shimchalaridan ham foydalanamiz. Bir oyda o‘rtacha 150-200 tonna shisha sinig‘i qayta ishlanadi. 

Korxona uchta liniyaga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda faqat bitta liniya faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelajakda tashqi bozordagi eksport hajmining bosqichma-bosqich ortishi hisobiga yana ikkita liniya ishga tushirilishi rejalashtirilgan, shunda bir oyda uchta liniyada jami 750 tonna shisha sinig‘i chiqindisidan tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Shisha siniqlari tayyor mayolikaga aylangunga qadar bir nechta bosqichdan o‘tadi. Birinchi bosiqichda, shisha siniqlari obdon tozalab yuviladi va bir sutka davomida quritiladi. Ikkinchi bosqichda, quritilgan shisha chiqindisi sharli (sharovoy) tegirmonga solinadi va yaxshilab maydalanadi. 

Uchinchi bosqichda, maydalangan shisha chiqindisi maxsus elak (vibrosita)dan o‘tkaziladi. To‘rtinchi bosqichda, elakdan o‘tkazilgan xom ashyo mikser – qorishtirgichga solinib, suv va rang bilan obdon aralashtiriladi. Beshinchi bosqichda, aralashma maxsus shakl qoliplari (uchburchak, to‘rtburchak, romb, tomchi, yurakcha va h.k.)ga quyiladi.


Oltinchi bosqichda, shakl qoliplari pechkada 850 daraja issiqlikda toblab pishiriladi va bir sutka davomida sovutiladi. Yettinchi bosqichda, sovutilgan tayyor shakllar yig‘uv-teruv tsexiga uzatiladi.

Sakkizinchi bosqichda,  yig‘uv-teruv tsexida shakllar maxsus qoliplarga bittalab terib-yig‘ib chiqiladi. Bu jarayon faqat qo‘l mehnati asosida bajariladi.

To‘qqizinchi bosqichda, qoliplarga terilgan mahsulot yelimlash tsexiga uzatiladi. Unda mahsulotning orqa qismiga maxsus kapron setka yelimlanadi va shamollatishga qo‘yiladi. Shamollatish jarayoni issiq kunlarda temir javonlarda, sovuq kunlarda esa pech orqali amalga oshiriladi.


O‘ninchi bosqichda, tayyor bo‘lgan mayolika sifat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Bunda singan, cheti uchgan va bo‘laklarga bo‘lingan shakllar aniqlansa, darhol butuniga almashtiriladi.


So‘nggi bosqichda esa tayyor mahsulot qadoqlanadi. Har bir qutiga joylashtiriladigan mayolika 1 kvadrat metrni tashkil etadi. 1 kvadrat metr mayolika esa 11 dona bo‘lakni o‘z ichiga oladi. 

Qadoqlangan mahsulot tayyor mahsulotlar omboriga joylashtiraladi.

Bir kunda bitta liniyada qariyb 5 tonnagacha shisha chiqindisi qayta ishlanib, 100 kvadrat metrdan 400 kvadrat metrgacha tayyor mahsulot tayyorlanadi. 

– Mahsulotimiz, ko‘proq bozor rastalari va savdo do‘konlariga chiqariladi, – deydi suhbat davomida Elmurod Azizov. – Biroq, maqsadimiz mahsulotimizni, asosan qo‘shni va xorij davlatlariga eksport qilishdir. Zero, ushbu koshinlar g‘oyatda eksportbopdir. Korxona bu yildan boshlab o‘z mahsulotlarini Rossiya, Belorus, Qozog‘iston kabi MDHning qator davlatlariga eksport qila boshladi.

Muxtasar aytganda, «Eldaz-Design» MJCh mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar tadbirkorlik sub’ekti sifatida iqtisodiyotimizga foyda keltirishi, qolaversa, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishi, eng muhimi, aholi salomatligini saqlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

 


Anvar Sherov,
jurnalist

 


 

Useful resources